Biryo‘la dunyoning 40 ta universiteti talabasi bo‘lgan yurtdoshimizni bilasizmi?
Samandar Sarayev ana shunday yoshlardan biri. U bir emas, o‘n emas, balki qirqta yurtimiz va xorijdagi nufuzli oliygohlarga talabalikka qabul qilindi. U bunday yuksak natijaga qanday erishdi? Suhbatimiz davomida nafaqat bu haqda, balki uning qanday qarorga kelgani, kelgusi rejalari haqida ham bilib olasiz.
- Samandar, suhbatimizni o‘zingiz va oilangiz bilan bizni yaqindan tanishtirishdan boshlasangiz.
Sir bo‘lmasa, oilangiz Qashqadaryodan Toshkentga nima sababdan ko‘chib kelishgan?
- 2000 yil 3 aprelda Qashqadaryo viloyati, Dehqonobod tumanida tug‘ilganman. Oilada uch farzandmiz: opam va singlim bor. 6-7 yoshimda Qashqadaryodan Toshkentga ko‘chib kelganmiz va men maktabni poytaxtda boshlaganman. Ko‘chishimiz sababi bilan qiziqmaganman, lekin shuni ayta olamanki, bu menga juda katta imkoniyatlar yaratib bergan va bugungi darajaga yetishimda alohida o‘rni bor deb o‘ylayman. Hozirda maʼlumotim o‘rta-maxsus. Bir yarim yildan buyon Kambrej o‘quv markazida ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lib ishlab kelmoqdaman.
- Dunyoning 40 ta oliy o‘quv yurti talabasi bo‘lish oson emas. Buning uchun maktab, kollej, repetitorlik taʼlimi va bundan tashqari, o‘ziga xos xarakter bo‘lishi shart.
Shundan kelib chiqsak, qaysi maktabda o‘qigansiz, o‘quvchilik davringiz qanday kechgan, aʼlo o‘qigan bo‘lsangiz kerak-a?
- Uchtepa tumanidagi 296-umumiy o‘rta taʼlim maktabida o‘qiganman. Rus tilini umuman bilmagan holda rus guruhiga borganman va shu sabab deyarli uchinchi sinfgacha o‘zlashtirish darajam juda past bo‘lgan. Lekin birinchi ustozim Mahmuda Fazliddinovna juda qattiq feʼlli va men uchun juda dono ayol edi. Menga doim ishonch bildirar edilar. Men esa o‘zimni bu ishonchni oqlashga majburman deb ishontirganman. Shu sabab har doim oldinga va birinchilikka intilardim. 4-sinfdan boshlab doim aʼlochilar qatorida bo‘lib kelganman.
Maktab davrida yuridik sohaga qiziqishim oshdi. To‘qqizinchi sinfda kollejning ikkinchi kursida o‘tishimiz kerak bo‘lgan jinoyat kodeksini o‘qiy boshlaganman. Kazuslar yechishni juda yoqtirar edim. Maktabni bitirib, 2-Toshkent yuridik kollejiga qabul qilindim.
Kollejning so‘nggi kursida chet elda taʼlim olish istagi paydo bo‘ldi va shu sabab ingliz tili kursida o‘qiy boshladim. IELTS imtihonini topshirganimdan so‘ng shu o‘quv markazida ishlay boshladim. Konsultatsiya markazi noto‘g‘ri xabariga ishonib, Italiyada o‘qishni bahorgi semestrda boshlashni rejalashtirgan edim. Lekin Italiya universitetlarida bahorgi semestrga qabul bo‘lmas ekan. Kuzgacha ingliz tili fani o‘qituvchisi sifatida ishlab keldim va mana, endi o‘qishni boshlash arafasida turibman.
- Yuqorida aytdik, bilim olish katta kuch-quvvatni talab etadi. Sport bilan shug‘ullanasizmi? Agar shunday bo‘lsa, bunga qiziqish sababmi yoki zarurat?
- Taekvondo WT sport turi bilan 13 yildan beri shug‘ullanib kelmoqdaman. Bu sport turi bo‘yicha ikki karra respublika chempioni, olti karra sovrindori va sport ustaligiga nomzodman. Yetti yildan buyon O‘zbekiston milliy terma jamoasi aʼzosiman. Ko‘p tanishlarim mendan nega hali ham sportdan ketmayotganligimni so‘rashadi. Kelajagimni siyosat, xalqaro munosabatlar va xalqaro huquqqa bog‘lashni rejalashtirsam-da, sportni to‘xtatmasligimni aniq bilaman. Chunki sportchi doimiy energiyaga to‘la yuradi. Ko‘plab akademik yutuqlarimda ham sportning o‘rni katta deb hisoblayman. Sport bilan shug‘ullanadigan talabaning o‘zlashtirishi ham juda baland bo‘ladi. Shu sabab sport oldin qiziqish bo‘lgan bo‘lsa, hozir zarurat bo‘ldi deb ayta olaman.
- Nega bu qadar ko‘p oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirdingiz? Umuman olganda, ko‘proq vertual olamda yashaysiz, shekilli?
- Boshlanishida A, B, C rejalar qilib, bir nechta universitetlarga topshirgan edim. Italiyaga qabul qilinganimdan so‘ng, u yerdagi grantga qo‘shimcha alohida hujjatlar topshirdim. Har xil vaziyat bo‘lishi mumkinligini inobatga olib, O‘zbekistondagi bir nechta xalqaro universitetlarga ham hujjat topshirdim. Bundan tashqari, O‘zbekistonning davlat universitetlariga sportchilarga beriladigan imtiyozning eʼlonini ko‘rdim va unga ham hujjat topshirdim. «Bittasi bo‘lmasa, ikkinchisi» deb, hujjatlarimni topshirib qo‘ydim.
Karantin davrida bo‘sh vaqtim ko‘paydi hamda vaqtimni onlayn olamda o‘tkaza boshladim. Toshkent shahridagi Webbcter xalqaro universitetidan kirganligim to‘g‘risida javob olganimdan so‘ng ko‘ngil xotirjam bo‘ldi. Chunki menda uchta yo‘l bor edi va ulardan hech bo‘lmasa bittasi o‘xshashi kerak edi: Italiyada grant chiqsa, u yerga borib o‘qish, sport vazirligining granti berilsa, O‘zbekistonning Jahon iqtisodiyot va diplomatiya universitetida grant asosida o‘qish va unisi ham, bunisi ham o‘xshamasa va mahalliy universitetga kirmasam, Webster universitetida o‘qishni boshlasam bo‘lar edi.
Ko‘nglim xotirjam bo‘lib, bir necha kun o‘tdi va o‘tgan yilgi internetdagi bir maqola esimga tushdi. Bu maqola bir vaqtning o‘zida o‘n sakkizta universitetga kirib, rekord o‘rnatgan o‘zbekistonlik abituriyent yigit haqida edi. Men ham o‘z kuchimni sinab ko‘rmoqchi bo‘ldim. Hujjatlarimni 30 ga yaqin universitetlarga onlayn topshirdim. Hech bo‘lmaganda, 20 tasiga kirsam kerak deb o‘yladim. Keyin o‘zimni yana bir bor sinamoqchi bo‘ldim. Taʼlim tizimi juda kuchli bo‘lgan davlatlarda o‘qishga qabul qilinishni oldimga shart qilib qo‘ydim va yana bir nechta universitetlarga hujjat topshirdim. Keyin esa dunyoning top-1000, top-500, top-100 universitetlariga kirish sinovlarini ham qo‘ydim.
To‘g‘risi, kutmagandim. Lekin barcha universitetlardan qabul qilinganligim haqida taklifnomalar kela boshladi. Deyarli barcha universitetlardan javob xatlarini oldim va bitta ham universitet menga rad javobini bermadi. Bu natijamdan mamnun bo‘ldim va bir nechta o‘quvchilarim, avval 2 nafar jiyanlarimga hujjat topshirishda yordam bera boshladim. Ular ham qabul qilindi.
Hujjat topshirishda faqat savol bo‘lganida universitetlarning o‘ziga murojaat qildim va elektron pochta orqali javob oldim.
- 40 ta oliy o‘quv yurtining hammasida bir xil yo‘nalishni tanladingizmi? Imtihon jarayonlari faqat – IELTSdan iboratmi?
- Barchasida xalqaro munosabatlar, huquq, siyosat va iqtisodiyot yo‘nalishlarini tanladim. Agarda chet el universitetlariga kirish faqat IELTS dan iborat bo‘lganida, men hozir kamida 500ga yaqin universitetlarga qabul qilinishim mumkin edi. Chet elda har bitta universitetning o‘z talablari bor. Talab etilgan hujjatlardan biri bu - til bilish darajasi sertifikati. Bu sertifikat talab qilinishining sababi darslarning barchasi ingliz tilida olib boriladi va talaba darslarni tushunishi kerak.
Har xil universitetlar har xil til bilish darajasini talab qilishadi. Misol uchun, Oksford va Kembrij universitetlari IELTS 7 (har bir bo‘limida ham kamida 7 bilan) talab qilishadi, lekin bunday natija bilan ham universitetga kirish juda qiyin. Ko‘plab universitetlar «Motivatsion letter» (insho) talab qilishadi. Bu inshoda abituriyent o‘zining hayoti haqida to‘liq yozib nimaga qiziqishi, nega aynan shu sohani tanlaganligi va qanday rejalari borligi haqida yozadi. Oksford va Kembrij kabi universitetlar esa abituriyentning tadqiqot ishlarini ham so‘rashi mumkin.
- Maktab va kollejda qaysi fanlarni yaxshi o‘zlashtirgansiz? O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarida qaysi fanlardan test sinovini topshirishga o‘zingizni tayyor hisoblaysiz?
- Maktabni ham, kollejni ham aʼlo baholarga bitirganman. Ingliz tilidan qo‘shimcha kurslarda tayyorlanganman. Huquqshunoslik fanlaridan o‘zim izlanib bilim olganman. Maktab va kollejdan olgan bilimlarimni juda qadrlayman, lekin mahalliy universitetlarga yetarlicha tayyorlay olmaydi deb hisoblayman. Imtihon sistemamizni bilgan holda o‘zimda faqat ingliz tili imtihonida yuqori ball olaman deb hisoblayman.
Mening fikrimcha, universitetlar noto‘g‘ri fanlardan imtihon oladi. Misol uchun, yuridik universitetda tarixni mutaxassislik fani imtihoni deyilishi noto‘g‘ri. Bu universitetda huquqshunoslik fanidan imtihon olinishi kerak. Xuddi shu misolda barcha universitetlarda imtihon fanlari o‘zgarishi kerak, deb hisoblayman. Aynan shunday bo‘lganida, huquqshunoslik fanidan ham yaxshi natijani qo‘lga kiritishimga ishonaman.
O‘tgan yili Italiyada o‘qishni boshlashni rejalashtirganimni aytib o‘tdim. Bundan tashqari, ota-onam maslahati bilan Toshkent davlat yuridik universitetiga hujjat topshirgan edim. Umuman tayyorlanmagan holimda 132.2 ball yig‘dim. O‘qishga qabul qilinishimga biroz yetmagan edi. Qaysidir maʼnoda yaxshilikka ekan. Bizning aynan yuridik (bunday kollejlar o‘zi ko‘p emas) kollejdan aynan yuridik universitetiga bitta ham abituriyent qabul qilinmagani yuqoridagi fikrlarimning isboti bo‘la oladi.
- Do‘stlaringiz virtual olamda ko‘pmi yoki ijtimoiy hayotda? Ular bilan tez-tez muloqotda bo‘lasizmi? Suhbat mavzusi rang-barangmi yoki maʼlum yo‘nalishga asoslanadimi?
- Virtual olamda do‘stlarim juda ko‘p. Yoshlar proyektlaridan tanishlarim, sinfdoshlarim, sportchi do‘stlarim va hokazo. Ular bilan deyarli muloqotda bo‘lmaymiz. Men o‘zi juda kam muloqotda bo‘ladigan insonman. Ko‘pincha faqat ish yuzasidan kimdir bilan gaplashishim mumkin. Oddiy holda esa ko‘pincha faqat uydagi yaqinlarim bilan suhbatlashaman.
- Kelajak orzularingiz qanday? Bugun siz nimadan qoniqmaysiz va nimalar o‘zgarishini istaysiz?
- O‘zgartiradigan narsalar juda ko‘p. Men o‘sha narsalarni o‘zgartira olishni ham orzu, ham reja qilaman. Kelajakda o‘z yo‘nalishimning eng yetuk mutaxassislaridan biri bo‘lib, dunyoni yaxshi tomonga o‘zgartira oladigan odam bo‘lmoqchiman. Buni esa Birlashgan millatlar tashkiloti orqali bajarmoqchiman.
- Samandar, shunday qilib, qaysi universitetda o‘qimoqchisiz?
- Italiyaning Rim shahridagi La Sapienza universitetini tanladim. U jahonning top 100 taligiga kirgan oliy taʼlim dargohi. U yerda o‘qish jarayonida turli grantlar tanlovida ishtirok etish, ilmiy izlanishlar olib borish, o‘z oldimga qo‘ygan maqsadim sari astoydil harakat qilishga ahd qilganman.
- Biz sizga omad va kuch-quvvat tilaymiz va xalqimiz siz kabi bilimli yoshlar bilan chin maʼnoda faxrlanishini hech qachon unutmasligingizni istaymiz.
Manba: O'zA
