Tojikistonda «UzAuto Motors» zavodi ochiladi.

Tegishli bitim Tojikistonning «Alyuminso‘xtmon» OAJ va «Avtosanoat Invest» MChJ o‘rtasida imzolandi. 

Ushbu loyiha Tojikiston sanoat va yangi texnologiyalar vaziri Sherali Kabirning 2021 yil 21 aprelda O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlar doirasida amalga oshiriladi, deb xabar berildi «O‘zavtosanoat» saytida. 

Loyihani amalga oshirish uchun 2021 yil 5-7 may kunlari «O‘zavtosanoat» AJ ishchi guruhi Tojikistonga tashrif buyurib, sherik «Alyuminso‘xtmon» kompaniyasining ishlab chiqarish quvvatlarini o‘rganib chiqdi va qo‘shma korxona yaratish bo‘yicha muzokaralar olib bordi. 

Dastlabki bosqichda loyihaning ishlab chiqarish quvvati 10 000ta avtomobilni tashkil etadi, kelgusida 35 000 donaga yetkazish rejalashtirilgan. 

2019 yil mart oyida mamlakatlar bitta qo‘shma avtomobil loyihasini - «TALKO-KRANTAS maxsus texnika zavodi»ni ishga tushirdi. Bu Tojikistonda yuk mashinalari va maxsus texnika ishlab chiqaradigan birinchi korxona hisoblanadi. 

 

 

Manba: KUN.UZ