AQShda yashayotgan yana bir o‘zbekistonlik aktyor Ahmad Berdimurodov hayotidagi eng katta yo‘qotish hamda orzulari haqida gapirdi.

“Amerikada yashayotgan bo‘lsam-da, hali ham O‘zbekiston fuqarosiman. Bir necha yil avval san’atga kirib kelganimda Gollivud kinosining sir-asrorlarini o‘rganishni maqsad qilgandim. Shu maqsadimni amalga oshirish uchun Amerikaga keldim. Haligacha butun dunyoda birinchi o‘rinda turadigan kinosanoatining sir-asrorlarini o‘rganib kelmoqdaman. Gollivudda har yili hamma narsa o‘zgaradi, yangi texnologiyalar joriy etiladi. O‘rganishdan hali ham to‘xtaganim yo‘q”, — deydi Ahmad Berdimurodov.

Shuningdek, aktyor hayotidagi eng katta yo‘qotishi hamda orzulari haqida ham so‘zlab berdi.

“Hayotimdagi eng katta yo‘qotish — avvalambor ota-onamni yo‘qotganim. Bundan tashqari, 1 yil avval turmush o‘rtog‘im — Layloni berib qo‘ydik. Uning o‘limidan so‘ng haligacha o‘zimga kela olmadim”, — deydi aktyor.

Foto: Instagram / @akhmad_bek

Ahmad Berdimurodov uch nafar — ikki qiz va bir o‘g‘il farzandi borligi, ular hozir Toshkentda ekanligini aytdi. Aktyorning o‘g‘li uning izidan borib, rejissura sohasida tahsil olmoqda. U Jahongir Ahmedovning “Ilhaq” filmida Zulfiya ayaning nevarasi obrazini gavdalantirgan.

Aktyor eng katta orzularidan biri “Oskar” mukofotini qo‘lga kiritish ekanligini aytadi.

Ma’lumot uchun, asli kasbi huquqshunos bo‘lgan Ahmad Berdimurodov “Shaytanat” serialida Jamshid obrazini gavdalantirganidan so‘ng aktyor sifatida tanilgan. U “Panoh”, “Sevginator”, “Qalbim o‘g‘risi”, “Makrli dunyo” filmlarida hamda “Mehmonxona” serialida turli obrazlarni gavdalantirgan.