O‘zbekiston Xalqaro matematika olimpiadasida bitta bronza medalni qo‘lga kiritdi

Norvegiya poytaxti Osloda 6-16 iyul kunlari o‘tkazilgan 63-Xalqaro matematika olimpiadasida o‘zbekistonliklar 106 ta davlat orasida 50-natijani qayd etdi.

Xalqaro matematika olimpiadasida har bir davlatdan olti nafargacha o‘quvchi ishtirok etadi. Bu yil jami ishtirokchilar soni 600 nafarni tashkil etdi. Ishtirokchilarning umumiy ballari asosida mamlakatning natijasi e’lon qilinadi.

Osloda XXRning 6 nafar ishtirokchisi 6 ta oltin medalni qo‘lga kiritishdi va mutlaq ustunlik bilan umumjamoa hisobida (252 ball) birinchi o‘rinni egalladi. Xitoyliklar bundan oldingi uchta olimpiadada ham birinchi bo‘lishgan.

Ikkinchi o‘rindagi Janubiy Koreya 3 tadan oltin va kumush (208 ball), AQSh o‘quvchilari 4 ta oltin, 1 tadan kumush va bronza medallariga (207 ball) sazovor bo‘ldi.

Vetnam (2 ta oltin, 2 ta kumush, 2 ta bronza), Ruminiya (2-4-0), Tayland (3-2-1), Germaniya (1-4-1), Eron (3-3-0), Yaponiya (1-4-1), Isroil (1-4-1) jamoalari keyingi o‘rinlarni band etdi.

Jadvalga nazar solinsa, Germaniya, Yaponiya, Isroilning natijalari bir xil bo‘lsa ham, ularning egallab turgan o‘rinlari har xil ekanini ko‘rish mumkin. Buning sababi ishtirokchilarning masalani turli darajada yechgani bilan bog‘liq. O‘zbekistondagi test sinovlaridan farqli o‘laroq, Xalqaro matematika olimpiadasida ishtirokchilarga masalani to‘liq yechmagan bo‘lsa ham ball beriladi. Bundan o‘quvchilarning masalani necha foiz yechgani inobatga olinadi. Shunga ko‘ra, garchi bir xil medal olishgan bo‘lsa ham, nemislar 192, yaponlar 191, yahudiylar 188 ball olishgan.

Osloda O‘zbekiston jamoasi 1 ta medalni qo‘lga kiritdi. Qorako‘l xalqaro matematika maktabi o‘quvchisi Lazizbek Rajabboyev bronza medaliga sazovor bo‘ldi, qolgan 5 ishtirokchi faxriy yorliq bilan taqdirlandi.

Rajabboyev OTMga test sinovlarisiz, davlat granti asosida qabul qilinadi. Belgilangan tartibga ko‘ra, erishgan natijasi uchun u 60 mln so‘m, uning o‘qituvchisi esa 45 mln so‘m pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

O‘zbekistonliklar shu paytgacha Xalqaro matematika olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kirita olmagan. Hamyurtlarimiz 1997 yildan buyon 10 ta kumush, 29 ta bronza medalga sazovor bo‘lgan.

Xalqaro olimpiadadagi ishtirokini 1993 yildan boshlagan qo‘shni Qozog‘iston o‘quvchilari shu paytgacha 16 ta oltin, 42 ta kumush, 71 ta bronza medal bilan taqdirlangan. Joriy yilda 3 ta bronza medal va 3 ta faxriy yorliq bilan cheklangan.

 

Manba: KUN.UZ