Yaponiyaga ishlash uchun qanday boriladi? Mutaxassis ma'lumot berdi
Yapon tili va kasbiy malaka test markazi direktori Dilafruz Ikromova AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Yaponiyada ishlash istagidagi fuqarolar uchun zarur ma'lumotlarni berdi. Kun.uz muxbirining xabar berishicha, tadbirda kunchiqar mamlakatda ishlash uchun bir necha talablar borligi aytilgan.
«Yaponiyada ishlamoqchi bo‘lgan har bir fuqaro avvalo yapon tilini bilishi va kasb bo‘yicha malaka imtihonini topshirishi kerak bo‘ladi. Bizning Yapon tili kasbiy malaka test markazimiz faoliyati respublikadagi 14ta monomarkaz bazasida tashkil etildi. Hozirda Yaponiyada ishlashni istagan 400ga yaqin fuqaro shu markazlarda o‘qimoqda.
Aynan boshqa davlatlarga boradigan tizim bilan solishtirganda Yaponiyaga ishlashga borish biroz boshqacha. Ya'ni fuqarolar oldin o‘qitilib, ularning til va kasbiy malaka darajasi baholanib, qo‘llariga sertifikat olgachgina ish beruvchilar bilan suhbatga kiritiladi.
Test jarayoni Yaponiya mutaxassislari, mas'ul vazirliklari tomonidan amalga oshiriladi. Undan muvaffaqiyatli o‘tganlarga ushbu mamlakatda ishlash imkoniyatini beruvchi maxsus malakali ishchi sertifikati topshiriladi.
Bu sertifikatni olish Yaponiyadan ish topdi, degani emas. Ya'ni ish beruvchilar shunday hujjati bor mutaxassis bilangina suhbat qilamiz deyishmoqda. Mana shu talablar bajarilgach, ish beruvchi bilan suhbatdan o‘tiladi va shartnoma tuziladi.
Yaponiya immigratsiya xizmati ishchi qo‘lida ish beruvchi bilan shartnoma bo‘lsa-yu, maxsus malakali ishchi sertifikati bo‘lmasa, viza bermaymiz deyapti. Shuning uchun hammasi bir-biriga uzviy bog‘liq», dedi markaz rahbari.
Dilafruz Ikromovaning aytishicha, Yaponiyaga ishlash uchun boradigan o‘zbek migrantlari maxsus malakali va texnik malaka oshiruvchi dasturlar orqali jo‘natiladi.
«Hozir 152 nafar O‘zbekiston fuqarosi ruxsat olib, texnik malaka oshiruvchi dastur bo‘yicha Yaponiyada ishlamoqda.
Texnik malaka oshiruvchi vizasi 3 yilga beriladi. Bunda fuqaro oddiy oylikdan ko‘ra past, ya'ni 40 foiz kam maosh oladi. Chunki u to‘laqonli ishchi emas, malaka oshirishga ketmoqda. Shuningdek, u 3 yildan keyin O‘zbekistonga qaytib, olgan malakasini respublikada tatbiq qilishi kerak. Bu dastur Yaponiyada 2012 yildan beri ishlamoqda.
2019 yildan esa maxsus malakali ishchi dasturi amalga oshirila boshlandi. Bunda viza muddati 5 yildan 10 yilgacha bo‘lib, ikkinchi 5 yillikda ishchi o‘zining oilasini ham birga yashash uchun Yaponiyaga jalb qilishi mumkin bo‘ladi. Shu bilan birga, uning Yaponiyadagi oylik maoshi, barcha ijtimoiy muhofazasi yaponiyalik fuqarolar bilan tenglashtiriladi. Va mamlakat mehnat qonunchiligi bilan himoya qilinadi», dedi mutaxassis.
Avvalroq saytimizda fuqarolarni qonuniy asosda Yaponiyaga ishga yuborish borasida bajarilayotgan vazifalar bo‘yicha Dilafruz Ikromova bilan suhbat uyushtirilgan edi+.
Shuningdek, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Yaponiyada ishlash istagini bildirgan fuqarolarning dastlabki malakalari, soni, til bilish darajasi, yoshi va geografik joylashuvi haqida ma'lumot to‘plash uchun so‘rovnoma o‘tkazgani xabar qilingan.
Manba: KUN.UZ